TOShKENT, 28 avg — Sputnik. O‘zbekistonda bundan buyon o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish haqida so‘z yuritar ekan, o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham to‘liq o‘zgarishini qayd etdi.
Har yili maktablarda 8 ming o‘qituvchi ishga qabul qilinadi, yangi maktablar hisobiga yana shuncha o‘qituvchiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
“Bundan buyon o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘ladi. Ilk bor qabul qilingan nomzodlar 1-yil o‘qituvchi-stajor bo‘lib ishlaydi va yil yakuni bilan kasbiy sertifikat olishi lozim bo‘ladi”, - deyilgan xabarda.
Kelgusida bu tizim barcha o‘qituvchilar uchun bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Singapur va Birlashgan Arab Amirligi tajribasi asosida pedagog kadrlarga kasbiy sertifikat berish tartibini ishlab chiqish topshirildi.