TOShKENT, 28 avg — Sputnik. O‘zbekistonda o‘qituvchilarning malakasi tabaqalashgan holda oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Malaka oshirishdan oldin o‘qituvchining bilimi diagnostikadan o‘tkaziladi va natijasiga ko‘ra individual kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari belgilanadi. Bunda o‘qituvchining bilim ko‘rsatkichlari baholanadi va past natija olganlari bo‘yicha o‘zi o‘qigan oliygohga reklamatsiya (e’tiroz) yuboriladi.
Bu natijalar pedagogik oliygohlar faoliyati uchun ham baho bo‘ladi. Past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar an’anaviy usulda, yuqori natijaga erishganlari onlayn shaklda malaka oshiradi.
Viloyat hokimlariga 14 ta malaka oshirish markazini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi. Yil yakunigacha hududiy markazlar boshqaruviga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.