TOShKENT, 28 avg — Sputnik. Moskva birjasi (MOEX) Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va boshqa Rossiyaga do‘st bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarini almashtirish uchun mahalliy markazga aylanmoqda. Bu haqida Moskva birjasining pul bozori departamenti direktori Sergey Titov RIA Novostiga ma’lum qildi.
“Pul-valyuta bozori Rossiya moliya bozorining eng yirik segmenti bo‘lib, uning asosiy ishtirokchilari banklar, brokerlar va korporatsiyalar, - deydi mutaxassis. Yil boshidan Mosbirjada savdo qilayotgan korporatsiyalar soni 9 taga oshdi. Hozir ularning soni 43 taga yetgan va aksariyati (35tasi) YeOII davlatlari vakillari”.
O‘tgan yilda Qozog‘iston valyutasi tenge-rubl savdosi olti baravar, Armaniston drami savdosi 55 baravar oshdi. Undan tashqari Xitoy yuani savdosi hajmi 43%, Turkiya lirasi savdosi 12 baravarga oshgan. Shuningdek, Tojikiston somonisi bilan savdo hajmi ham 80%ga oshgan.
"Biz milliy valyutalarda hisob-kitoblar bo‘yicha mahalliy markaz sifatida ishlamoqchimiz va ushbu mamlakatlardan ishtirokchilarni o‘z valyutalari bilan savdo qilishlari uchun jalb qilishga harakat qilamiz. Bu o‘z samarasini bermoqda, yangi ishtirokchilar kelayapti, savdo hajmi oshib bormoqda”, — dedi ekspert.
Shu bilan birga Mosbirjada xususiy investorlar ulushi ham oshib bormoqda. Xususan, ularning ulushi o‘tgan yilgi 12 foizga nisbatan 18 foizga o‘sgan.
Yaqin kelajakda Moskva birjasi savdoning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokchilari sifatida YeOII tashqarisidagi norezidentlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.
“Tegishli qonun allaqachon qabul qilingan, biroq hukumat qarori ham zarur, u do‘st davlatlar ro‘yxatini belgilaydi”, — dedi Titov.
Ekspert so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda Moskva birjasida Hindiston rupiysi, BAA dirhami va boshqa valyutalar savdosi ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashirilgan, lekin buning uchun ushbu davlatlar ham tegishli qonun qabul qilishi kerak.
Ma’lumot uchun O‘zbekiston so‘mi Mosbirjada 2022-yilning 12-sentabrida savdoga chiqarilgan edi. Bugungi kunda “O‘zbek so‘mi — Rossiya rubli” valyuta juftligi spot-bozorda "bugun" va "ertaga" hisob-kitoblari bilan sotilmoqda. Bu ikki davlat tashqi iqtisodiy faoliyati subyektlari uchun milliy valyutalarda hisob-kitob qilish imkoniyatini yaratadi. Rossiya O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkorlaridan biri ekanini hisobga olganda — bu juda muhim.