O‘zbekistonda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 4-sentabr kuni o‘tkaziladi

Ta’kidlanishicha, tadbirlar 45 daqiqa davom etadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 avg — Sputnik. Maktablarda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 4-sentabr kuni soat 08:00 da “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkaziladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi umumta’lim muassasalarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari hamda “Mustaqillik dars”larini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.
Tadbirda 1 va 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. Shuningdek, o‘quvchilar soni va tadbir o‘tkazish joyi hisobga olinib, boshqa o‘quvchilar ham tadbirga jalb etilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, tadbirlar 45 daqiqa davom etadi. 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘a”lari mahalliy hokimliklar, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va ota-onalar ishtirokida topshiriladi.
“Mustaqillik dars”lari mehnat faxriylari, faxriy o‘qituvchilar, davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar va taniqli sportchilar ishtirokida tashkil etiladi.