TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Shvetsiya hukumati Daniya misolida diniy kitoblarni yoqishni taqiqlashni rejalashtirmayapti, chunki buning uchun konstitutsiyani o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson ma’lum qildi, deb yozmoqda Sputnik radiosi.
“O‘tkir tahdidlarga duch kelgan har bir davlat ularga qarshi kurashishning o‘ziga xos usulini tanlaydi. Men Daniyaning hozir qilayotgan ishlarini juda hurmat qilaman. Daniya bilan bir xil qilish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish kerak bo‘ladi, shuning uchun bu Shvetsiya uchun eng ma’qul yo‘l emas”, deya Kristerssondan iqtibos keltirdi SVT telekanali.
O‘z navbatida, shved muxolifati yetakchisi Magdalena Andersson Daniyaning qarori Shvetsiyadagi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, degan fikrni bildirdi.
“Hozirgacha Qur’on bilan bo‘lgan ushbu inqirozda Shvetsiya va Daniya bir-birini qo‘llab-quvvatlay olishi mumkin edi. Daniyaliklar o‘z qonunlarini o‘zgartirganda, biz yolg‘iz va juda zaif vaziyatda qolamiz. Dunyoning nigohi bizga qaratiladi”, - dedi Andersson.
Uning ta’kidlashicha, u hukumatdan Shvetsiya xalqi xavfsizligini qanday kafolatlashi haqidagi tushuntirishni eshitishni xohlaydi.
Shu bilan birga, Andersson "Daniya taklifi to‘g‘ri yo‘l" ekanligiga ishonchi komil emas.
"Biz endigina ushbu qonun loyihasini ko‘rdik, shuning uchun qaror qabul qilishga hali erta", deb tushuntirdi siyosatchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Inson huquqlari kengashi Qur’on va boshqa muqaddas kitoblarni yoqib yuborishni qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. Hujjatni yoqlab 28 ta davlat ovoz bergan, 12 ta davlat qarshi chiqqan. 7 ta davlat esa betaraf qolgan. Rezolyutsiyani qo‘llagan mamlakatlar orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Jazoir, Argentina, Xitoy, Hindiston, Kuba va JAR kabi mamlakatlar bor. Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kosta-Rika, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya, AQSh, Finlyandiya, Fransiya, Chernogoriya, Chexiya qarshi ovoz bergan.
Shavkat Mirziyoyev Shvetsiyada Qur’oni karim yoqib yuborilganini yovuz harakat deb atadi va keskin qoraladi. Mirziyovning so‘zlariga ko‘ra, yer yuzidagi millionlab insonlarning dinu diyonati, ezgu hissiyotlarini haqorat qiladigan bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qilishicha, Rossiyada Qur’onga nisbatan hurmatsizlik, boshqa ayrim mamlakatlardan farqli o‘laroq, jinoyat sanaladi va Rossiya bu qonunchilik qoidalariga hamisha rioya qiladi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbinning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Qur’onning yoqib yuborilishini keskin qoralaydi va islomofobiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi chiqadi.
Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar islomiy ramzlarni haqorat qilish bo‘yicha takroriy harakatlarga chek qo‘yish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirgan edi.