Shahriston va Turkiston metro bekatlari yo‘nalishida metrobuslar harakati boshlandi

Yo‘nalishning ish tartibi 3 daqiqalik oraliq interval bilan soat 05:00 dan 00:00 ga qadar etib belgilangan.
Sputnik
TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Toshkentda “Yunusobod 12-dahasi – Shahriston metrosi” yo‘nalishida vaqtincha metrobus harakati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Mazkur harakat Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining Shahriston va Turkiston bekatlari vaqtinchalik yopilishi munosabati bilan yo‘lga qo‘yildi.
Metrobus 26-avgustdan boshlab 2m-sonli “Yunusobod 12-dahasi – Shahriston metrosi” oralig‘ida vaqtinchalik xizmat ko‘rsatadi.
Unda harakatlanish bepul.
Mazkur tashkil etilayotgan vaqtinchalik metrobus yo‘nalishidagi harakat jadvallari soni "King Long" rusumli avtobuslar asosida 10 ta.
“Yo‘nalishning ish tartibi 3 daqiqalik oraliq interval bilan soat 05:00 dan 00:00 ga qadar etib belgilangan”, deyiladi xabarda.
Yo‘nalish Yunusobod mavzesi 12-daha bekatidan Yunusobod, Turkiston va Shahriston metro bekatlari orqali to‘xtab harakatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishidagi “Turkiston”, “Yunusobod” bekatlari 26-avgustdan yopilishi xabar berilgan edi. Mazkur bekatlar 4 oy muddatga yopiladi va bu muddat davomida rejali profilaktik ishlar amalga oshiriladi.