Poytaxt aholisining suvdan qarzdorligi yuqori — O‘zsuvta’minot

O‘zsuvta’minot: qarzdorlik aksariyat loyiha va rejalashtirilgan ishlarning o‘z vaqtida bajarilishi, ishchi-xodimlarning moddiy ta’minotini yaxshilab borishga imkon bermayapti.
Sputnik
TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Poytaxt iste’molchilarining suvdan qarzdorligi yuqori, deya xabar berdi O‘zsuvta’minot.
Qayd etilishicha, ayni kunda poytaxt iste’molchilarining “Toshkent shahar suv ta’minoti” oldidagi debitor qarzdorligi yuqoriligicha saqlanib turibdi.
Qarzdorliklarni o‘z vaqtida undirish, suvdan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazildi.
“Sizdan ichgan suvingizga haq so‘ralmoqda...So‘nggi vaqtlarda suv masalasi kundalik mavzuga aylanib ulgurdi. Kimdir suv narxi oshishini muhokama etsa, yana kimdir ichimlik suvi yildan yilga kamayib borayotganidan havotirini yashirmaydi. Biroq, hech kim iste’molchi sifatida o‘z majburiyatlari xususida so‘z ochishni istamaydi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qarzdorlik aksariyat loyiha va rejalashtirilgan ishlarning o‘z vaqtida bajarilishi, ishchi-xodimlarning moddiy ta’minotini yaxshilab borishga imkon bermayapti.
“Joriy yilning may oyidan shu kunga qadar 265 ta holatda suvdan noqonuniy yoki belgilangan soatlardan tashqari vaqtlarda foydalanish holatlari aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, 162 ta qarzdor iste’molchidan qariyb 169 million so‘m undirildi. 126 million so‘mdan ortiq qarzdorligi bo‘lgan 84 ta iste’molchining suv quvurlari asosiy tarmoqlardan uzildi. Shuningdek, 4 mingga yaqin iste’molchidan 11 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudga ariza kiritildi.