TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik yosh olimlar Eronda stajirovka o‘taydigan bo‘lishdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Eron Islom Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligi tadqiqot, ta’lim tashkiloti (AREEO) rahbari Moxtaba Xayamm Nekoi bilan uchrashdi.
“Qator muzokaralar davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Qishloq xo‘jaligi tadqiqot, ta’lim tashkiloti (AREEO) o‘rtasida 7 nafar o‘zbekistonlik yosh olimlarni tashkilotning ta’lim va tadqiqot markazlarida stajirovkasini tashkil etishga kelishib olindi”, - deyiladi xabarda.
Ushbu uchrashuv doirasida stajirovka dasturlarini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Uchrashuv qishloq xo‘jaligida texnologiyalar transferi, chorvachilikda foydalanish uchun vaksinalar ishlab chiqishga doir hamkorlikdagi tadqiqotlar, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishning samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish hamkorlikning yangi qadamlari bo‘lishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, Eron tomoni texnologiyalar bo‘yicha hamkorlikni oshirishda xususiy sektor vakillarini, xususan, ilmga asoslangan kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni qo‘llab quvvatlashini bildirib o‘tdi.