Birinchi sentabrdan Qirg‘izistonga ID-karta bilan borish mumkin bo‘ladi

Bu tartib, ayniqsa O‘zbekistonning eksklav hududlari bo‘lgan So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi hududlaridagi o‘zbekistonliklar uchun katta yengillik bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. 1-sentabrdan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikki davlat hududiga ID-karta bilan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati ma’lum qidi, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston.

“2023 yil 1-sentabrdan Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari kirish, chiqish va ikki davlat hududida harakatlanish va bo‘lib turish uchun boshqa yurish hujjatlari bilan bir qatorda ID-kartalardan foydalanishlari mumkin”, - deyilgan xabarda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil yanvarida Qirg‘izistonga davlat tashrifi davomida fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolangan edi.
U O‘zbekistonning barcha fuqarolari Qirg‘izistonga, xuddi shunday Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga ID-karta bilan kirishlari mumkin bo‘lishini nazarda tutadi. Ilgari faqat xorijga chiqish pasporti bilan mumkin edi.
Fuqarolarning chegaradan kirish-chiqishi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda qayd etiladi, pasportga shtamp bosishga hojat qolmaydi.
Ushbu yengillik istalgan transport orqali (samolyot, poyezd, avtomobil, avtobus va hokazo) chegarani kesib o‘tishda amal qiladi.
Ushbu tartib, ayniqsa O‘zbekistonning eksklav hududlari bo‘lgan So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi hududlaridagi o‘zbekistonliklar uchun katta yengillik bo‘ldi. Ularning chegaradan o‘tishlaridagi ortiqcha burokratiyaga chek qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o‘zaro borib-kelish tartibi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Qirg‘iziston birinchisi bo‘ldi.