TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimi joriy qilinadi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan PQ–285-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimi 2 bosqichda joriy qilinadi.
Unga ko‘ra:
1-bosqichda 2023–2024 yillarda chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 25 ta tumanda hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini joriy qilish bepul amalga oshiriladi.
2-bosqichda 2025–2026 yillarda respublikaning qolgan tumanlarida.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi sohada mas’ul organ hisoblanadi.
Qaror bilan qo‘mita huzurida davlat muassasasi shaklida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi tashkil etiladi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish qanday amalga oshirladi ?
Bunda hayvonlarga birkalash, tamg‘alash, jetonlash va chip o‘rnatish orqali individual raqam beriladi, hayvonlar to‘g‘risida ma’lumotlarni elektron axborot tizimiga kiritiladi va ularga veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.
Veterinariya pasporti – bu hayvonning identifikatsiya raqami, uning egasi, hayvonlarning kasalliklarga qarshi emlanganligi, davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etib boriladigan hujjat.
Qonunchilikka ko‘ra, faqat qoramol, qo‘y, echki, cho‘chqa, ot, eshak, tuyalar, itlar va mushuklar identifikatsiya qilinadi. Parrandalar, quyonlar va boshqa hayvonlar identifikatsiya qilinmaydi.