“Ramziy ma’noga ega”: Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi yakunlari

O‘zbekiston va Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-23 avgust kunlari davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘ldi. Bu O‘zbekiston yetakchisining iyul oyida lavozimiga qayta saylanganidan keyin amalga oshirgan ilk davlat tashrifi edi. Tashrif samarali va sermazmun bo‘ldi, desak adashmaymiz. Mirziyoyev Ozarbayjonda qaysi masalalarni muhokama qildi, ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarni qanday rivojlantiradi– batafsil Sputnik materialida.
O‘zbekiston va Ozarbayjon – tili, an’ana va urf-odatlari bir-biriga juda monand do‘st mamlakatlar. Bu do‘stlikning ildizlari uzoq tarixga borib taqaladi. Shavkat Mirziyoyevning ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliyevning taklifiga binoan bu mamlakatga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi.
Haydar Aliyev nomidagi aeroportda O‘zbekiston rahbarini Ozarbayjon bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Mirziyoyev Boku shahriga kelgach, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev mangu qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga, Shahidlar xiyoboniga tashrif buyurdi.
Buyuk davlat va siyosat arbobi Haydar Aliyev qabriga gul qo‘yib, xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
“Zug‘ulba” qarorgohida O‘zbekiston prezidentini rasman kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doiradagi uchrashuvda O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
“O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar”, - deya xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.
Mirziyoyev va Aliyevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Unda O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“Savdo va sanoat kooperatsiyasida jadal o‘sish kuzatilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi”, - deyiladi xabarda.
Yetakchilar transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik jihatdan muhimligini qayd etdilar.
O‘zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmini ko‘paytirish niyatini ma’lum qildi. Shu bois Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish rejalashtirilmoqda.
Davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ta’sis etishga topshiriq berdilar.
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi.
2023-2024 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, energetika sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risida, yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shular jumlasidan.
Bundan tashqari, Fuqarolarning vizasiz qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, “E-permit” ruxsatnoma blanklarini elektron almashish axborot tizimini joriy qilish, oila va bolalarni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bergan bayonotida muzokaralar natijalarini yuqori baholadi.
“Saylovdan keyingi birinchi tashrifimni aynan Ozarbayjonga amalga oshirayotganim ramziy ma’noga ega. Bu ikki tomonlama hamorligimiz eng yuksak darajaga chiqqani, yaqinlashishga o‘zaro intilish borligi, sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi”, - dedi O‘zbekiston prezidenti.
O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doim qo‘llab-quvvatlab kelgani va bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasida hech qanday muammoli masalalar yo‘qligini ta’kidlash joiz. Biz qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida katta salohiyatdan samarali foydalanishning yangi imkoniyatlari va mexanizmlarini izlash dolzarb ekaniga urg‘u berdik”, - dedi davlat rahbari.
Mirziyoyev Oliy davlatlararo kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishini qayd etdi.
Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining ikkinchi kuni rafiqasi bilan birga Fuzuliy shahriga keldi. U yerda O‘zbekiston ko‘magida barpo etilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochilishi marosimida qatnashdi.
1 / 4
2 / 4
3 / 4
4 / 4
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi hamrohligida Shusha shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.
1 / 4
2 / 4
3 / 4
4 / 4
Qayd etish joizki, 2022-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2021-yilga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Tovar ayirboshlash hajmi 118,9 million dollardan 181,2 million dollarga 52,4 foizga o‘sdi. Eksport 76 million dollardan 131,7 million dollarga, import 42,9 million dollardan 49,5 million dollarga oshdi.