TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Amerikalik milliarder va tadbirkor Ilon Mask so‘z erkinligini bostirishni to‘xtatish uchun taniqli moliyachi va filantrop Jorj Sorosning “Ochiq jamiyat” jamg‘armasini sudga bermoqchi ekanligini aytdi.
Rossiyada Sorosning “Ochiq jamiyat” va “Ochiq jamiyat — yordam fondi” 2015-yildan beri nomaqbul tashkilotlar deb tan olingan. Rossiya Bosh prokuraturasi Sorosning tashkilotlari konstitutsiyaviy tuzum asoslari va davlat xavfsizligiga tahdid solayotganini aytgan.
“Xuddi shunday. X (sobiq Twitter) buni to‘xtatish uchun sudga murojaat qiladi”, - deb yozgan Mask o‘zining X’dagi akkauntida.
Uning izohi jurnalist Ben Skallanning Sorosning fondi tomonidan moliyalashtirilgan tashkilotlar Irlandiya va Shotlandiyada senzura siyosatini ilgari surayotgani haqidagi maqolasiga javob bo‘ldi.
Jurnalistning yozishicha, “nafrat uyg‘otuvchi dezinformatsiyani tarqatishdan maqsad so‘z erkinligini bostirish bo‘yicha keskin choralarni oqlashdir”.
Mask va Sorosni uzoq vaqtlik dushmanlik tarixi bog‘lab turadi. May oyida tadbirkor Soros butun insoniyatdan nafratlanishini yozib, uni mutant superqahramonlar haqidagi “X-Men” komikslari seriyasining antagonisti Magneto bilan solishtirgan tvitini joylashtirgan edi.
Sorosning faoliyati uning moliyaviy spekulyatsiyalari, shuningdek, muammoli reputatsiyasi tufayli salbiy baholanadi - uning fondlari bir qator davlatlarda hokimiyat almashinuvini tashkil qilishda ayblangan. Moliyachining o‘zi uning pullari, xususan, 2004-yilda Ukrainada “to‘q sariq inqilob” va 2013-yilda “Yevromaydon”ni amalga oshirishga yordam berganini inkor etmaydi. Bir qator mamlakatlarda uni ichki ishlarga aralashishda ayblashgan.