TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Rossiya xalqaro valyuta-moliya tizimida BRIKS mamlakatlari roli oshishi va milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirish tarafdori. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin BRIKS sammitida onlayn nutq so‘zlayotib ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya BRIKS iqtisodiy sherikchilik strategiyasini amalga oshirishga va hamkorlikning yangi uzoq muddatli yo‘nalishlarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
“Ular orasida xalqaro valyuta-moliya tizimida davlatlarimiz rolini oshirish, banklararo kooperatsiyani rivojlantirish, milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirish va soliq, bojxona, monopoliyaga qarshi kurashishda hamkorlikni chuqurlashtirish o‘rin olgan”, - dedi Putin.
Eslatib o‘taimz, avvalroq Putin BRIKS hududida dollardan voz kechish (dedollarizatsiya) ortga qaytmas jarayonga aylanib borayotganini ma’lum qilgani xabar qilingan edi.
22-24 avgust kunlari Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahrida BRIKS sammiti bo‘lib o‘tmoqda. U yerga Xitoy, Hindiston, Braziliya yetakchilari tashrif buyurgan. Rossiya nomidan esa mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa sammitda onlayn ishtirok etmoqda.