Putin: BRIKSda dollardan voz kechishning ortga qaytmas jarayoni ketmoqda

BRIKS sammitida iqtisodiy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida milliy valyutalarga o‘tish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 23 avg — Sputnik. BRIKS hududida dollardan voz kechish (dedollarizatsiya) ortga qaytmas jarayonga aylanmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin birlashma Ishbilarmonlar forumi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.

“Bizning xo‘jalik aloqalarimizda dollardan voz kechishning obyektiv, ortga qaytmas jarayoni jadallashmoqda, o‘zaro hisob-kitob va valyuta-moliya nazoratining samarali mexanizmlarini o‘rganish bo‘yicha sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. BRIKS doirasida eksport-import operatsiyalarda dollar ulushi kamayayotgani buning natijasi: o‘tgan yili u atigi 28,7 foizni tashkil etdi”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari sammit chog‘ida BRIKS mamlakatlari yetakchilari iqtisodiy hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida milliy valyutalarga o‘tish bilan bog‘liq qator masalalarni batafsil muhokama qilishlarini ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya va yana qator davlatlar dollarga bo‘lgan qaramlikni izchil kamaytirayotgani va milliy valyutalardagi hisob-kitoblarga o‘tayotganini ma’lum qilgani xabar qilingan edi.
Bugungi kunda BRIKS Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani birlashtiradi. So‘nggi paytlarda bu tashkilotga a’zo bo‘lish istagini bildirgan mamlakatlar soni ortib bormoqda. Argentina, Eron, Jazoir, Tunis, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Misr shulardan jumlasidan.
BRIKS sammiti 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadi. U yerga Xitoy, Hindiston, Braziliya yetakchilari tashrif buyurgan. Rossiya nomidan esa mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitda onlayn ishtirok etishini ma’lum qilgan.