TOShKENT, 23 avg — Sputnik. 22 avgust kuni futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi (OChL) pley-off bosqichi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Namanganning "Navbahor" va Olmaliqning OKMK klublari raqiblarini mag‘lub etib, OChL guruh bosqichiga chiqdi.
“Navbahor” Qatarning “Al-Vakra” jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvning asosiy bo‘limlarida hisob ochilmadi. G‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha bo‘limlarga murojaat qilindi. 98-daqiqada esa namanganliklar hisobni ochdi.
Doniyor Abdumannopov yagona golga mualliflik qildi. Bu tarixiy g‘alabi bilan “Navbahor” OChL guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mirjalol Qosimov boshchiligidagi Olmaliqning OKMK jamoasi Qatarning "Al-Arabi" klubiga qarshi maydonga tushdi. Birinchi bo‘limda darvozalar ishg‘ol etilmadi. Ikkinchi bo‘limda esa Ruben Sanches “konchilar”ni oldinga olib chiqdi.
O‘yinda bu yagona gol bo‘ldi va OKMK g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba bilan OKMK o‘z tarixida ikkinchi marotaba OChLda ishtirok etadigan bo‘ldi.
Bungacha "Paxtakor" O‘zbekiston chempioni, "Nasaf" esa O‘zbekiston Kubogi sohibi sifatida guruh bosqichiga chiqib bo‘lgandi.
Shu tariqa, OChLning 2023/2024 yilgi mavsumi guruh bosqichida O‘zbekistondan to‘rt jamoa — "Paxtakor", "Nasaf", "Navbahor" va OKMK ishtirok etadi.
OChL guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi 24-avgust, payshanba kuni, Toshkent vaqti bilan 13:00 da Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston klublari, xususan, so‘nggi vaqtlarda Krishtianu Ronaldu ("An-Nasr"), Karim Benzema ("Al-Ittihod"), Neymar ("Al-Hilol") kabi jahon futboli yulduzlarini o‘z safiga qo‘shib olgan Saudiya Arabistoni jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olishi mumkin.
OChL guruh bosqichiga chiqqan klublar
© O‘zPFL