TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Nyu-York shahrida O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi (BMT) doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, bosh kotib O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi.
U o‘zgarishlarni amalga oshirishda, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda BMT O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi.
Tomonlar O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini hamda BMT orqali bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar jadvalini ham muhokama qildilar.
40 yoshli Ulug‘bek Lapasov tayinlovga qadar O‘zbekistonning BMT vakolatxonasi va Jenevadagi (Shveysariya) boshqa xalqaro tashkilotlarning doimiy vakili lavozimida ishlagan.
U Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, shuningdek, bir qator xorijiy universitetlar dasturlarini tamomlagan. Tashqi ishlar vazirligi tizimida stajor sifatida ish boshlagan, markaziy apparatda va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda ishlagan. 2016-yildan beri maslahatchi, muvaqqat ishlar vakili, BMTning Jenevadagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, elchi. Fransuz, ingliz, rus tillarida so‘zlasha oladi.
Ulug‘bek Lapasov 2017-yildan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan Baxtiyor Ibragimov o‘rnini egalladi.