O‘zbekiston 7 oyda eng ko‘p Rossiyaga meva-sabzavot eksport qildi

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston hamda Qirg‘iz Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Sputnik
TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 1,1 mln tonna meva-sabzavotlar eksport qildi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlari darak bermoqda.
Bu ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga yoki 153,8 ming tonnaga ko‘paygan.
O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (41,8 foiz), Pokiston (14,6 foiz), Qozog‘iston (12,0 foiz) hamda Qirg‘iz Respublikasi (9,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2023 yilning yanvar-iyul oylarida xorijga qiymati 672,9 mln dollarlik meva-sabzavotlar eksport qilingan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 22,4 foizga ko‘paygan va jami eksportdagi ulushi 4,5 foizni tashkil etgan.