TOShKENT, 23 avg — Sputnik. 14 avgust kuni Dog‘iston poytaxti Maxachkala shahrida ro‘y bergan portlash oqibatida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda Dog‘iston rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Dog‘iston rahbari Sergey Melikov yig‘ilishda Maxachkaladagi yonilg‘i quyish shoxobchasi oldida sodir bo‘lgan portlash oqibatida xorijiy davlatlar fuqarolari halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Portlash oqibatida 35 kishi, jumladan, uch bola halok bo‘lgan. 119 kishi esa jabrlangan.
“Halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar xorijlik fuqaro bor (O‘zbekiston Respublikasi), - dedi Melikov.”
Qayd etilishicha, portlash oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalariga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Halok bo‘lganlar oilalariga 1 million rubldan, og‘ir darajada jarohat olganlar oilalariga 400 ming rubldan beriladi.
Dog‘iston rahbari halok bo‘lganlar oilalariga moddiy yordamni tez kunlarda ko‘rsatishni topshirdi.