TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Test sinovlarida asosiy tanlovdan o‘ta olmagan abituriyentlar super-kontrakt bilan o‘qishga qabul qilinadi, deya xabar berdi Ta’lim nazorati.
Qayd etilishicha, kvota doirasida talabalikka qabul qilingan, biroq o‘qishni xohlamagan abituriyentlarning o‘rni bo‘sh qoladi.
Bilimlarni baholash agentligi matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘qimaydigan, lekin talabalikka qabul qilingan abituriyentdan keyingi test topshirganlar yuqoriga ko‘tarilmaydi.
"Agar qabul chizig‘idan pastdagi abituriyentlar talaba bo‘lishni xohlasa, unda super-kontraktni tanlashiga to‘g‘ri keladi", - deyiladi xabarda.
Tabaqalashtirilgan kontrakt to‘lovi talaba to‘plagan ballning kirish balliga nisbatan miqdoriga bog‘liq.
Tabaqalashtirilgan kontrakt to‘lovi miqdori:
1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;
2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;
3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmaganlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobarini to‘laydi.
4,05 balldan ko‘proq yetmay qolgan, lekin 56,7 balldan kam to‘plamagan abituriyentlar ko‘proq pul to‘laydi. Ular belgilangan bazaviy kontrakt miqdorining ma’lum baravarini to‘lash orqali talaba bo‘lishlari mumkin. Bu miqdor yo‘nalishlarga qarab farqlanadi.
O‘tgan 2022-yilda super-kontrakt narxlari stipendiyasiz shartnoma puli miqdori asosida hisoblangan.
"Hali yangi o‘quv yili uchun kontrakt miqdorlari tasdiqlanmadi. Kontrakt miqdori tasdiqlangach, super-kontrakt pullari ham belgilanadi. So‘ng abituriyent o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan OTMga super-kontrakt bo‘yicha murojaat qiladi", - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023-2024 o‘quv yili uchun 193 mingdan ziyod abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 150 766 nafari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan.