TOShKENT, 22 avg — Sputnik. O‘zbekstonda “Tapentadol” og‘riq qoldiruvchi dori vositasi giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritildi. Bu Vazirlar Mahkamasi 19-avgust kuni qabul qilingan 399-sonli qarordan ma’lum bo‘ldi.
Bu dorining quyidagi o‘lchamlari (grammda) noqonuniy muomalada bo‘lsa, jinoiy harakat sifatida baholanadi:
kichik — 0,5 g;
kichikdan ko‘proq — 0,5 — 5 g;
yirik — 5 g dan ortiq.
“Tapentadol” opioid narkotik analgezik bo‘lib, morfin yoki oksikodon singari onkologik kasalliklarda o‘rtacha va kuchli og‘riq qoldiruvchi vosita hisoblanadi.
Turli xil preparatlarda mavjud bo‘lgan ushbu modda giyohvandlikka olib kelishi, suiiste’mol qilinishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi mumkin. Uni noto‘g‘ri ishlatish yoki suiiste’mol qilish dozani oshirib yuborish va o‘limga olib kelishi mumkin.
Ushbu ro‘yxatga tramadol, kokain, morfin va boshqalar kiradi (jami 54 ta dori).
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati (jami 79 nomda) epilepsiya va periferik neyropatik og‘riqlarni (nervlar shikastlanganda paydo bo‘ladigan surunkali og‘riq) davolash uchun mo‘ljallangan dorilar guruhiga kiruvchi "Gabapentin" bilan ham to‘ldirildi.