Avtobuslarda yo‘lovchilarni kechasi tashishga ruxsat beriladi

Haydovchilarning yo‘lovchilarni tunda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yo‘nalishlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishiga ruxsat beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 22 avg — Sputnik. 21 avgust kuni “Transport vositalarida tashishda harakat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, avtobuslarda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalari bo‘lganda yo‘lovchilarni tunda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yo‘nalishlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishga ruxsat beriladi.
2024 yil 1-yanvardan:
shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtotransportlar haydovchilarining ish vaqti tabellar, yo‘l varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari taxograf ko‘rsatkichiga asosan hisobga olinadi;
mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qiluvchi inspektorlar zarur qurilmalar bilan ta’minlanadi.
Qarorga ko‘ra, muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish qoidalarini buzganlik, mehnat va dam olish rejimiga rioya etmaslik holatlari yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan bayonnoma tuzish va ma’muriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.