TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi.
Abituriyent 10 kun mobaynida, 31-avgustga qadar onlayn tarzda my.uzbmb.uz sayti orqali apellyatsiya arizasini qoldirishi mumkin.
Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim.
Apellyatsiya arizasini yozish tartibi
my.uzbmb.uz saytiga kirgan abituriyent “Apellyatsiya shikoyatini berish” bo‘limini bosib, o‘zining shaxsiy kabinetiga kirish uchun qo‘llaniladigan ma’lumotlarni kiritadi.
So‘ng ekranda ko‘ringan ikkita tugmachadan birini tanlaydi:
test natijasi bo‘yicha apellyatsiya arizasi (test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyent);
boshqa holatlar (test savollaridan norozi hamda test varaqasidan xato va kamchiliklar topgan abituriyent).
Mazkur tugmalardan birini tanlagan abituriyent “Tasdiqlash” va “Saqlash”ni bosib, o‘z arizasini qoldirgan bo‘ladi.
Apellyatsiya arizasini yuborgan abituriyentga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi.
Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Bilimni baholash agentligiga kelishi kerak.
Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish 2023-yil 24-avgustdan boshlanadi.