OTMlar yotoqxonalariga onlayn joylashish imkonini beruvchi xizmat ishga tushirildi

Mazkur xizmatdan 2023/2024 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilingandan so‘ng foydalanish mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 20 avg — Sputnik. O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joyiga onlayn joylashish imkonini beruvchi xizmat ishga tushirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur xizmat 2023-yil Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz saytida ishga tushirildi.

Endilikda, 2023/2024 o‘quv yili qabulida talabalikka tavsiya etilgan barcha abituriyentlar davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron ariza yuborishlari mumkin.

Mazkur xizmatdan 2023/2024 o‘quv yili uchun davlat OTMlariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari (mandat) e’lon qilingandan so‘ng foydalanish mumkin bo‘ladi. Platformada 1-bosqich talabalari haqidagi ma’lumotlar 2023-yil qabul parametrlariga muvofiq mandat natijalari asosida yangilanadi.