Tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi

Shavkat Mirziyoyev: har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekistonda tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida ma’lum qildi.
"Sanoat ipotekasi tizimi yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi.
Sanoat zonalarida ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, investitsiya majburiyatlari bajarilgandan so‘ng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 1-sentabrdan boshlab:
yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada 10-yil muddatga kreditlar ajratiladi;
sanoat korxonalariga 1-yil muddatgacha xorijiy valyutada 4 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada aylanma mablag‘ taqdim etiladi. Bunda, olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15 foizlik avans to‘lovlari ham jamg‘arma tomonidan kredit qilib beriladi;
marketing, loyihalashtirish, xorijiy mutaxassis jalb qilish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismiga kompensatsiya to‘lanadi.
"O‘rta korxonalar faoliyatini kengaytirishi uchun ularga yangi investor va brendlarni jalb qilishga ko‘maklashish zarur. Shu bois, agar korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga yangi tashkil qilingan Sanoat jamg‘armasi 25 foizigacha kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin bo‘ladi", dedi prezident.
Tadbirkorlik jamg‘armasi iqtisodiyotning yana bir drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasiga mas’ul bo‘ladi. Jamg‘armaga salohiyatli o‘rta biznes korxonalariga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi.
Buning uchun joriy yilda jamg‘armaga qo‘shimcha 25 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar ajratiladi.
Shu bilan birga jamg‘arma tomonidan o‘rta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi.
"Jamg‘arma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi", deya qo‘shimcha qilindi.
Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg‘i shoxobchasi, kemping kabi obyektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.
Shuningdek, jamg‘arma tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish obyekti uchun yer sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablag‘i uchun ham resurs ajratadi. Bu ikkita yangi tizim 1-oktabrdan to‘laqonli ishga tushiriladi va kelgusi bir yilda o‘rta biznesda sanoat sohasida 2 mingta va xizmatlarda 10 mingta yangi loyihalar moliyalashtiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qo‘shimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar ko‘rsatish, 5 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish, 350 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish mumkin bo‘ladi.