TOShKENT, 18 avg — Sputnik. “Qishloq qurilish bank” Biznesni rivojlantirish bankiga aylantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kichik tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi.
Bunda ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.
“Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” Biznesni rivojlantirish bankiga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi”, - dedi Mirziyoyev.
Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.