Kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish taqiqlanadi

Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi. 3 oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli meyorlar belgilanadi.
Sputnik
TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekistonda tadbirkorlar endilikda kameral nazorat vaqtida hujjatlarni taqdim etishi yoki soliq idorasiga borishi shart emas. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida ma’lum qildi.
Prezident hozirda kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani va bu korrupsiyaga ham yo‘l ochib berayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
“Endilikda kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qat’iyan taqiqlanadi”, - dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, alohida ochiq-oshkora platforma yaratilib, soliqchilar ko‘rsatgan xizmatlar sifatiga tadbirkorlarning o‘zi baho beradigan tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Hozir soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanmoqda. Bunday amaliyot bekor qilinishi ta’kidlandi.
Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi. Shu nuqtayi-nazardan uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli meyorlar belgilanadi.