TOShKENT, 18 avg — Sputnik. AQSh Daniya va Niderlandiya Ukrainaga F-16 qiruvchilarini berishiga rozilik berdi. Bu haqda “Reuters” agentligi manbasiga tayangan holda xabar qildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ukrainalik uchuvchilar F-16 samolyotlarini boshqarishni o‘rganishni yakunlashi bilanoq bu mamlakatlar Kiyevga qiruvchilarni jo‘natadi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkin daniyalik va niderlandiyalik hamkasblariga Vashington bu qarorni qo‘llab-quvvatlashi bitilgan kafolat maktublarini yo‘llagan.
“Men Qo‘shma Shtatlar nomidan Ukrainaga F-16 qiruvchilarini berishni ham, ukrainalik uchuvchilarni malakali instruktorlar tomonidan o‘qitilishini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlash uchun yozmoqdaman”, - deyilgan Blinken maktubida.
Niderlandiya Ukrainaga F-16 larni jo‘natish bo‘yicha YeI bilan muloqot qilmoqda. Buni mamlakat Mudofaa vazirligi rahbari Kaysa Ollongren tasdiqlagan.
Zaporojye viloyatining “Biz Rossiya bilan birgamiz” jamoat harakati rahbari Vladimir Rogov Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari bu qiruvchilarni osonlik bilan yakson qilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya NATO mamlakatlariga Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berganliklari uchun norozilik notasini yuborgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh va uning malaylari Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashishning xatarlarini yaratishayotganini ta’kidlagan edi. Bu esa halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga F-16 berilishini yadroviy tahdid sifatida qabul qiladi. Chunki qiruvchilar yadro kallaklari bilan jizohlangan qurolni tashishga qodir.
Kreml o‘z navbatida Rossiya qo‘shinlari F-16 samolyotlarini boshqa G‘arb texnikalari singari yo‘q qilishidan ogohlantirgan.