TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga o‘quvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi belgilandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Hukumat qarori bilan Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga o‘quvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, sport maktabida o‘quvchi-sportchilar kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat hamda ta’lim olish muddati o‘quvchi-sportchi O‘zbekiston terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida bo‘lgan davr mobaynida davom etadi.
Sport maktabiga 18 yosh va undan katta sportchilar qabul qilinadi.
O‘quvchi-sportchilarni sifatli tanlab olishni ta’minlash maqsadida sport maktabida qabul o‘rinlari bo‘shagan kundan 1 oy muddatda tanlov va uni o‘tkazish shartlari to‘g‘risida e’lon beriladi.
Nomzodlarga quyidagi minimal talablar qo‘yiladi:
sport ustaligiga nomzoddan past bo‘lmagan sport toifasining mavjudligi;
kurashning tegishli yosh guruhlari va uslublari bo‘yicha sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida egallangan sovrinli o‘rinlar (1–3-o‘rin) mavjudligi.
Sport maktabiga o‘qishga kirishda nomzodlar 100 balli tizim bo‘yicha baholanadi, shundan 30 ball umumiy jismoniy tayyorgarlikka va 70 ball maxsus jismoniy tayyorgarlikka ajratiladi.