TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-avgust kuni transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Transport infratuzilmasi kengligi va qulayligi mamlakat rivojini ko‘rsatuvchi, unga qo‘shimcha impuls beruvchi muhim omil. O‘zbekistonda bu sohada ko‘plab loyihalar amalga oshirilib, avtomobil, aviatsiya, temir yo‘l, metropoliten kabi barcha tarmoqlarda yangi obyektlar ishga tushirildi.
© press-slujba prezidenta
Shunday loyihalardan yana biri – "Toshkent-Sharqiy" aeroportining yangilanishi. Davlat rahbari o‘tgan oyda uning qurilishini borib ko‘rgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida majmua bosh rejasi samaradorlik jihatidan takomillashtirildi. Xususan, aeroport hududi 130 gektarga qisqartiriladi. Buning evaziga uni saqlab turish xarajatlari ham kamayadi.
Hozirda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurib bo‘lingan. Bu yerda 2 ta – yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya terminali bo‘ladi. 25 ta samolyot uchun turargoh, angarlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etiladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
© press-slujba prezidenta
Shuningdek, taqdimot davomida O‘zbekistonda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. Jumladan, poytaxtda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integratsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya tarmog‘ida jami quvvati 13 ming 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, iste’molni aqlli boshqarish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
© press-slujba prezidenta
Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va rejalari to‘g‘risida ham axborot berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sputnik Toshkentda yaqin kelajakda qanday yirik yangi obyektlar paydo bo‘lishi haqida ma’lumot bergan edi.