TOShKENT, 17 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yil 1-noyabrgacha “Jarima maydonchasi” axborot tizimi ishlab chiqiladi. Bu 11-avgust kuni Hukumat qarori bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda nazarda tutilgan.
O‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan:
- qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi;
- ushlangan transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
- transportlarni to‘xtash joylariga olib kelish (tashish) hamda saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning cheklangan miqdorlari joylardagi hokimliklar tomonidan belgilanadi.
“Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali, jumladan:
ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar ro‘yxati yuritiladi;
transportlarni to‘xtash joylaridan olib chiqish uchun barcha to‘lovlar (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) elektron amalga oshiriladi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.