TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Umid Mamadaminov energetika vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Tayinlovga qadar u qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Umid Mamadaminov 1983-yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2006-yili Toshkent davlat texnika universitetini, 2015-yili esa AQShning Oregon texnologiya institutini magistratura yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi sanoat elektronika muhandisi, qayta tiklanadigan energiya manbalari.
Madaminov 8-yil mobaynida AQShda istiqomat qilgan va u yerdagi "Stantec Consulting Services” kompaniyasida mutaxassisligi bo‘yicha loyiha dizayneri vazifasida ishlagan.
U mehnat faoliyati davomida sohada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan davlatlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr ishlab chiqarishga doir loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan.
Innovatsion texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya jihatdan samaradorligini oshirish, ularning ishlab chiqarilishini kengaytirish va mahalliylashtirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvga ega.