TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Auditorlik tashkilotini reyestrga kiritish tartibi belgilandi. Bu haqda Hukumatning 387-sonli qarori bilan reglament tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
So‘rovnoma to‘ldirilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi (vakolatli organ)ga yuboriladi.
Vakolatli organ so‘rovnoma tushgan kundan boshlab 5 ish kuni mobaynida auditorlik tashkilotini reyestrga kiritadi yoki uni rad etadi.
Vakolatli organ quyidagi hollarda davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etadi:
ariza beruvchi tomonidan tegishli kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa;
auditorlik tashkiloti “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasi talablariga muvofiq bo‘lmasa.
Davlat xizmati ko‘rsatilganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
Auditor — bu korxonaning moliyaviy hisobotlarini auditorlik tekshiruvini o‘tkazadigan, tahlil qiladigan, bashorat qiladigan va maslahat beradigan mutaxassis.
Auditorlik tashkiloti o‘zi haqidagi ma’lumotlar Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan sanadan e’tiboran auditorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir. Auditorlik tashkiloti o‘z faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir.
Auditorlik tashkiloti vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Vakolatli davlat organi Auditorlar reyestrini yuritadi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
auditorning familiyasi, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
auditorning ish joyi;
sertifikatning raqami, berilgan sanasi;
sertifikat olgan shaxsning familiyasi, ismi va imzosi, shuningdek sertifikat olingan sana va uning amal qilish muddati;
auditorning har yilgi malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
xalqaro buxgalter sertifikatining (mavjud bo‘lgan taqdirda) nomi va berilgan sanasi;
sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish, sertifikatning amal qilishini tugatish, uni qayta rasmiylashtirish va uning dublikatini berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.