TOShKENT, 16 avg — Sputnik. O‘zbekistonda endi madaniy meros obyektlari bor ko‘chalarga 5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk mashinalari kiritilmaydi. Bu Vazirlar Mahkamasining 370-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, endilikda tarixiy madaniy meros obyektlari joylashgan ko‘chalarga og‘ir yuk mashinalari qo‘yilmaydi.
Shuningdek, moddiy-madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlari hududida qattiq maishiy chiqindilarni vaqtinchalik to‘plash va saqlash joylari hammaga ko‘rinmaydigan zonada tashkil etiladi. Bunda chiqindi tashish maxsus avtotransport vositalarining mazkur obyektlarga shikast yetkazmaslik choralari ko‘riladi.
Hujjatda yozilishicha, bugungi kunda madaniy meros obyektlarini muhofaza kilish hamda ularning turistik jozibadorligi saqlab qolish choralarini ko‘rish zarurati paydo bo‘lmoqda.