TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Jurnalistlarga tan jarohati yetkazilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Zoʼr TV” teleradiokompaniyasi xodimlariga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Tergov harakatlari IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti tomonidan olib borilmoqda", - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda "Ko‘prikqurilish" tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgich qurilishi obyektida "Zo‘rTV" telekanali muxbiri va tasvirchisi haqoratlangani va ularga kuch ishlatilgani aks etgan video tarqalgan edi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) jurnalistlar kamerasi sindirilishi va kaltaklanishi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilgan.
Kecha "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ jurnalistlarga to‘sqinlik qilgan ko‘prik qurilish kolmpaniyasi ish boshqaruvchisini ishdan bo‘shatdi.