TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Toshkent shahri Sergeli tumanida yo‘lovchi tashuvchi avtobus yo‘lovchilari bilan yo‘l-transport hodisasiga (YTH) uchradi.
Poytaxt YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, bu hodisa bugun, 14-avgust kuni, soat 15:40 atrofida Sergeli tumani 4P-21 yo‘lining 5-kilometrida sodir bo‘lgan.
Aniqlanishicha, 1973-yilda tug‘ilgan I.B. SAZ LE60 avtobusini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada beton ustunga borib urilgan.
Mazkur YTH natijasida avtobus haydovchisi va B.F. (1983 yilda tug‘ilgan), M.A. (2021 yilda tug‘ilgan), A.F. (2012 yilda tug‘ilgan) yo‘lovchilar tan jarohati olgan.
“Toshshahartransxizmat” AJning ma’lum qilishicha, avariya tirkamali yuk mashinasining avtobus yo‘nalishiga xalaqit berishi natijasida ro‘y bergan. Avtobus avvaliga o‘ng tarafdagi ustunga, so‘ng yo‘lni ajratuvchi betonli to‘siqqa urilgan.
"Avtobusdagi yo‘lovchilar jarohatlanmagan, haydovchi o‘ng oyoq tizza pasti lat yeyish jarohati bilan 16-sonli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga yuborilgan. Avtobus texnik shikastlangan", — deyiladi kompaniya xabarida.
Hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.