Onasi Rossiyada vafot etgan qiz O‘zbekistonga qaytarildi

Marhumaning jasadi qarindoshlari tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan, ammo hujjatlardagi muammo sabab farzandi Rossiyada qolib ketgan.
Sputnik
TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Onasi Rossiyada vafot etgan qiz O‘zbekistonga qaytarildi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning iyun oyida xorazmlik ayol voyaga yetmagan farzandi bilan ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasiga ketgan. Ayol qishloq xo‘jaligi sohasida noqonuniy ishlash jarayonida ehtiyotsizligi va baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan.
Marhumaning jasadi qarindoshlari tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan, ammo hujjatlardagi muammo sabab farzandi Rossiyada qolib ketgan.
Marhumaning qarindoshlari ushbu masalada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilgan. Shundan so‘ng agentlikning Krasnodardagi vakili hamda Xorazm viloyati filiali hamkorligida vafot etgan fuqaroning 2014-yilda tug‘ilgan farzandi G.B tog‘asi X.B. hamrohligida Xorazm viloyati Gurlan tumaniga olib kelingan.