Ishdan olish va tayinlovlar — O‘zbekiston hafta ichida

Sputnik o‘tgan hafta davomida O‘zbekiston Respublikasining turli idoralarida amalga oshirilgan lavozimga tayinlash va lavozimdan olish bo‘yicha ma’lumotlarni to‘pladi.
Sputnik
Transport
Javlonbek Umarxodjayev “Uzbekistan Airports” AJning boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 2021-yildan 2023-yilgacha “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruv raisi bo‘lgan Rano Djurayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Ikrom Narimov O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori lavozimiga tayinlandi. U tayinlovga qadar Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Kuch tuzilmalari
General-mayor Davron Nazarmuxamedov Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.Tayinlovga qadar Nazarmuxamedov Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
Adliya katta maslahatchisi Sherzod To‘xtaboyev va Jahongir Hatamov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. To‘xtaboyev tayinlovga qadar Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan. Hatamov esa Samarqand viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan.
Umirbek Madraximov Namangan viloyati prokurori, Murodqosim Eshnazarov Samarqand viloyati prokurori, Marufxon Xodjayev Andijon viloyati prokurori etib tayinlandi.
Hokimiyat
Alisher Halilov Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumaniga hokim bo‘ldi. Bunga qadar u Andijon viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Erkin Muhitdinov Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga hokim etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Alisher Shadmanov sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shadmanov bunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasining rektori vazifasida ishlayotgan edi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Ilhom Norqulov vazirning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, shu munosabat bilan vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi;
Ahadbek Haydarov — vazir o‘rinbosari, bungacha qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan;
Abdulaziz Xaydarov — vazir o‘rinbosari, bungacha vazirlik huzuridagi Pensiya jamg‘armasi direktori lavozimida ishlab kelgan;
Otabek Fozilkarimov — vazir o‘rinbosari, bungacha sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bo‘lgan;
Bobur Xodjayev — vazir o‘rinbosari, bungacha Prezident Administratsiyasining bank-moliya, soliq sohalarini rivojlantirish va “xufona iqtisodiyot”ni qisqartirish sho‘’basi mudiri lavozimida ishlagan;
Jasur Qarshiboyev — vazir o‘rinbosari, avvalgi ish joyi haqida ma’lumot berilmagan.
Bundan tashqari, Murodbek Atadjanov vazirlik huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.
Erkin Rustamov va Dilshod Sultanov esa boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.