TOShKENT, 11 avg — Sputnik. Sobiq "Ummon" guruhi xonandasi Zohid Risqiyevga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 9-avgustdagi hukmiga ko‘ra, Risqiyev Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybdor deb topilgan.
Unga 3-yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Xonandaga nisbatan JKning 72-moddasini (shartli hukm qilish) qo‘llab va tayinlangan jazoni shartli deb hisoblab, 2-yil sinov muddati belgilandi.
Qayd etilishicha, cobiq xonandaga jazo tayinlashda uning aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchining qonuniy vakili va jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, ularning sudlanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘rab bergan fikri, sudlanuvchining sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligi inobatga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 29-sentabrida Toshkentda sobiq "Ummon" guruhi a’zosi Zohid Risqiyev boshqaruvidagi mashina ayanchli YTHga uchragan edi. Buning oqibatida xonandaning o‘zi va ikki hamrohi shifoxonaga yotqizilgan, mashinada bo‘lgan yana bir kishi esa voqea joyida vafot etgan edi.