TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Qozog‘istonning Aqtau shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Aqtau xalqaro aeroportida mehmonlarni Qozog‘iston mudofaa vaziri general-polkovnik Ruslan Jaqsiliqov faxriy qorvul hamrohligida kutib oldi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.
Ta’kidlanishicha, o‘zaro suhbat davomida ikki davlat mudofaa vazirlari qardosh xalqlarning hamkorlikda erishilayotgan yutuqlariga to‘xtalib o‘tishdi.
Vizit ministra oboroni Uzbekistana Baxodira Kurbanova v Kazaxstan
© Ministerstvo oboroni Uzbekistana
Shuningdek, tomonlar jangovar tayyorgarlik, harbiy ta’lim va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi sohasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Shundan so‘ng mudofaa vazirlari O‘zbekiston—Qozog‘iston Mudofaa vazirliklarining Aqtau garnizonida joylashgan "Oymasha" poligonida hamkorlikda o‘tkazayotgan maxsus-taktik o‘quvni kuzatishga yo‘l oldi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik harbiylar bir necha kundan buyon Qozog‘istonda hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvlarida qatnashmoqda.