TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekistonda ichki ishlar organlariga (IIO) narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy tartibda davolashga yuborish to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirish vakolati berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni tegishli qarorga imzo chekdi.
Hujjatda yozilishicha, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar tomonidan fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid qilinishi, jamoat tartibi buzilishi, huquqbuzarliklar sodir etilishi hollarining barvaqt oldini olish maqsadida mazkur shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalarining, oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimosnomalariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, IIO narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni tayyorlash maqsadida mazkur shaxsni narkologik ekspertizadan o‘tkazish uchun uning yashash joyidagi narkologiya dispanseriga olib boradi.
Ichki ishlar organlari narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyaning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosasini olgach, to‘plangan materiallarni mazkur shaxsning yashash joyidagi yoki narkologiya dispanseri joylashgan yerdagi sudga taqdim etadi.
Materiallar sudga elektron hujjat tarzida ham yuborilishi mumkin