Navoiyda Xitoy bilan hamkorlikda “logistik xab” tashkil etiladi

Uchrashuvlar natijasida “Chongqing International Logistics Hub Park” va Navoiy erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida Navoiy EIZ hududidan “Logistik xab” tashkil etishga kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg — Sputnik. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga bordi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, amaliy safarning ilk kunida delegatsiya a’zolari Xitoyning Chunsin shahri Shapinba tumanida bo‘lishdi.
Chunsin shahriga tashrif davomida O‘zbekiston vakillari “Chongqing International Logistics Hub Park” logistika markazi va “Chongqing Railway Port”ining avtomobil importi va import qilinadigan go‘sht mahsulotlari nazorat markazi bilan tanishdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari “Dry Port Of the New Western Land-Sea Corridor”da bo‘lib, logistika imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi.

Uchrashuvlar natijasida “Chongqing International Logistics Hub Park” va Navoiy erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida Navoiy EIZ hududidan “logistik xab” tashkil etishga kelishib olindi.

“Chongqing International Logistics Hub Park” markazi dunyoning 100 ta davlatidagi 300 ta logistika markazlari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Markazning yillik savdo aylanmasi 20 milliard AQSh dollariga teng.