TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi omborda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati xabar berdi.
Yong‘in bugun soat 14:00 larda tumanning Bunyodkor mahallasida joylashgan “Farg‘ona azot” AJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan va tegishli xabar FVBga kelib tushgan.
Shunga ko‘ra 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:10 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 14:15 da qurshab olingan va soat 15:20 da o‘chirilgan.
Yong‘in natijasida taxminan 70-80 kv.m maydonda omborxonaning ichida bo‘lgan ko‘mir mahsuloti yonib zararlangan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.