TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Bugun o‘zbekistonlik futzalchilar Ozarbayjon jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Bu haqda II MDH o‘yinlari tashkilotchilari xabar berdi.
Belarusda II MDH o‘yinlari davom etmoqda. Bugun Minskdagi “Uruche” sport saroyida Belarus– Qirg‘iziston, O‘zbekiston– Ozarbayjon o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da O‘zbekiston Ozarbayjonga qarshi o‘ynaydi.
Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston–Rossiya o‘yinlari o‘tkazilgan edi. Unda ikki mamlakat sportchilari durrang natija qayd etishdi.
MDH o‘yinlari 4-14 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar Belarusning 11 ta shahrida sportning 21 turi bo‘yicha o‘tkaziladi. MDH o‘yinlarida 3 mingga yaqin sportchi, murabbiylar, hakamlar, tibbiyot xodimlari va boshqalar ishtirok etmoqda. O‘yinlarda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston sport delegatsiyalari ishtirok etmoqda.