TOShKENT, 9 avg — Sputnik. O‘zbekistonda magistraturaga qabul bo‘yicha rad etilgan arizalarni tahrirlash uchun imkoniyat berilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul bo‘yicha “magistr.edu.uz” elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqilgan.
Arizalarni ko‘rib chiqish natijasida ko‘plab murojaatlar turli sabablarga ko‘ra (tanlangan mutaxassislik bitiruvchining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mos yoki turdosh emasligi, so‘ralgan hujjat o‘rniga boshqasi yuklangan yoki to‘liq yuklanmagan, hujjatlar sifatsizligi va hokazo) rad etilgan.
Shuni inobatga olib, davlat oliygohlari magistraturasiga o‘qishga kirish uchun onlayn ariza yuborgan, lekin arizasi rad etilgan talabgorlarga 9–10 avgust kunlari arizalarni qayta tahrirlash imkoniyati yaratildi.
Rad etilgan arizalarni tahrirlash uchun 10 avgust kuni soat 18:00 ga qadar so‘nggi imkoniyat beriladi. Ushbu muddatdan so‘ng tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi va kamchiliklar bartaraf etilmagan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.
“Shuni alohida ta’kidlaymizki, xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikati talab darajasida bo‘lmaganligi sababli rad etilgan arizalarni tahrirlash tavsiya etilmaydi, mazkur holda qayta tahrirlangan arizalar ko‘rib chiqilmaydi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2023/2024 o‘quv yili uchun davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar 30-iyulga qadar qabul qilindi.