Endi chiqindilar musiqa sadolari ostida olib ketiladi — video

O‘zbekistonning ayrim hududlarida chiqindilar "yengil musiqa" sadolari ostida olib chiqish yo‘lga qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Toshkent, Qashqadaryo va Buxoroda chiqindilarni olib ketishning yangi usuli sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, chiqindi tashuvchi mashinalarning har ertalab aholi xonadonlaridan chiqindi olib ketish uchun baland signal chalib kelishi aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Buni inobatga olgan holda Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan chiqindilarni signal usulida emas, yengil musiqa sadolari ostida olib chiqish yo‘lga qo‘yildi.
“Hozirda Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida bu usul tajribadan o‘tkazilmoqda. Har bir hududga bittadan maxsus mashina ajratilib, aholiga chiqindi tashuvchi mashina kelgani haqida baland signal emas, musiqa orqali xabar berilmoqda”, deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, agar yangi usul sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, keyinchalik butun respublika bo‘yicha joriy qilinadi.