Yangi Toshkent va Olimpiya shaharchasi qurilishi qanday ketmoqda

Shavkat Mirziyoyev eng yirik va uzoqni o‘ylab rejalashtirilgan qurilish loyihalari Yangi Toshkent va Olimpiya shaharchasini amalga oshirish qanday ketayotgani bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahridagi yirik bunyodkorlik loyihalarining borishi haqida axborot berildi.
So‘nggi yillarda Toshkent shahri ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi, ko‘plab turar joylar, ishbilarmonlik markazlari, korxonalar, xiyobonlar barpo etildi. Lekin ularning eng yirik va uzoqni o‘ylab rejalashtirilgan qurilishlar shahar tashqarisida amalga oshirilmoqda.
Ana shunday yirik va muhim va yirik loyihalar bu – Olimpiya shaharchasi va Yangi Toshkent loyihalaridir. Shavkat Mirziyoyev loyihalarni o‘z vaqtida, sifatli barpo etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent va Olimpiya shaharchasi loyihalari qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishdi
Olimpiya shaharchasi — prezident o‘tgan yili 9-noyabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi. Uning maydoni 100 gektar bo‘lib, 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi. Bu yerda 2025-yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladi.
Loyiha dunyoning 70 ta mamlakatida sport inshootlari qurgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunga qadar 7 ta asosiy binoning yer osti ishlari to‘liq bajarilgan.
Yangi Toshkent — ushbu loyiha qurilishiga Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni tamal toshi qo‘ygan edi. Loyihaning birinchi bosqichida 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar barpo etiladi. Yangi Toshkent Olimpiya shaharchasi yaqinida joylashgan.
Taqdimotda ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda Yangi Toshkent hududi chegaralari tasdiqlanib, Kadastr agentligi bilan inventarizatsiya qilingan. Infratuzilma va me’moriy yechimlarning turli bosqichlari bo‘yicha Singapur, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Turkiya kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilgan.