TOShKENT, 7 avg — Sputnik. Toshkent viloyatida daryo o‘rtasida qolib ketgan ikki o‘smir yigitga yordam ko‘rsatildi, deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 6-avgust kuni soat 16:30 da Toshkent viloyati FVBga Qorasuv darosining O‘rta Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida ikki o‘smir yigit qolib ketgani va ularga yordam zarurligi haqida xabar kelib tushgan.
FVV qutqaruvchilari zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borgan. Aniqlanishicha, ular daryo suvining sathi pastligidan foydalanib, daroning markaz qismida baliq ovlamoqchi bo‘lgan. Bir ozdan so‘ng suv sathi ko‘tarilib, oqim tezlashgani bois yigitlar qirg‘oqqa chiqa olmagan.
Qutqaruvchilarning sa’y-harakatlari natijasida yigitlar sog‘-salomat qirg‘oqqa olib chiqilgan va yaqinlariga topshirilgan.