Borish osonlashdi: Saudiya Arabistoni O‘zbekiston uchun elektron viza joriy etdi

Elektron viza bilan sayohat qilish, dam olish, oila va qarindoshlarnikiga tashrif buyurish, umra ziyoratini amalga oshirish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 7 avg — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga safar qilish uchun elektron viza olishlari mumkin.
Podshohlik Turizm vazirligi xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni yana 8 ta davlat fuqarolari uchun mamlakatga kirish vizasini elektron viza portali orqali olish imkoniyatini yaratgan: Albaniya, Maldiv orollari, Ozarbayjon, Gruziya, Janubiy Afrika, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston.
Bu davlat fuqarolari vizani podshohlik portlari yoki chegaralarida ham olishi mumkin.
Saudiya Arabistoni “E-visa”si bir yillik, ko‘p martalik kirish vizasi bo‘lib, sayyohlarga mamlakatda 90 kungacha bo‘lish imkonini beradi.
Vazirlik elektron viza bilan sayohat qilish, dam olish, oila va qarindoshlarnikiga tashrif buyurish, umra ziyoratini amalga oshirish mumkinligini eslatgan.
Bu viza bilan haj ziyoratini amalga oshirib bo‘lmaydi. Qolaversa, elektron viza podshohlikda ishlash hamda yashash huquqini bermaydi. Elektron viza muddati tugagach, uni yangi muddatga rasmiylashtirish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viza narxi 146 dollarni (550 riyol) tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2023-yil 1-yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etgan.