Buxoroga Qozog‘istondan naslli mollar olib kelindi

Shu oyning oxiriga qadar xorijdan yana zotdor mol olib kelish ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 6 avg — Sputnik. Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga Qozog‘istondan naslli mollar olib kelindi. Bu haqda viloyat hokimligi Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, chorvachilik yo‘nalishidagi “Barhayot Muhammad Rajab parranda” fermer xo‘jaligida 1 200 bosh "Simmental" va "Golshteyn" zotli mollar parvarish qilinyapti.
Fermer xo‘jaligi tomonidan aholiga ham naslli chorva mollari yetkazib berilmoqda. 2022-yilda aholi xonadonlariga 1 500-mayda shoxli, shuningdek 500 bosh naslli qoramol yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yil bundan ham ko‘proq naslli mollar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ushbu maqsadda kecha mazkur fermer xo‘jaligiga Qozog‘iston davlatidan 150 bosh zotli qoramollar olib kelindi. Shu oyning oxiriga qadar xorijdan yana shuncha miqdorda zotdor mol olib kelish ko‘zda tutilgan.