TOShKENT, 5 avg — Sputnik. “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshiriladi. Bu haqda Hukumatning 332-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi. Shuningdek, jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
"2024 yildan umummilliy kampaniya doirasida har bir hududda tadbirkorlar o‘rtasida “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovi o‘tkaziladi", deyilgan hujjatda.
Mazkur tanlov g‘olibiga 100 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi hamda uning faoliyati 2-yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.
2024 yil 1-yanvardan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yong‘in auditi) joriy etiladi.
2023 yil 1-sentabrdan Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlariga quyidagi vakolatlar beriladi:
tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan obyektlarda:
bir yilda ko‘pi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini o‘tkazish;
jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tezkor tekshiruvlar o‘tkazish;
bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan obyektlarda (bozorlar, savdo-ko‘ngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqalar) davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish.
2023 yil 1-noyabrdan davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obyektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Bunda davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan xulosa berish muddati 7 kun etib belgilanadi.
2024 yil 1-yanvardan bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlarni yong‘in hamda boshqa xatarlardan majburiy sug‘urtalash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining mulkini yong‘in va tabiiy ofat oqibatida yetkaziladigan zarardan himoya qilish maqsadida, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligi ham majburiy sug‘urtalanadi.
Shuningdek, 2023-yil 1-noyabrgacha tekshiruvlar jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hisobidan davlat yong‘in nazorati inspektorlarining faoliyatini takomillashtirish imkonini beruvchi “E-inspektor” apparat-dasturiy majmuasi joriy etiladi.